“INDIVID” NTM — “IMKON liderlar maktabi”
Ommaviy oferta
Pullik ta’lim xizmatlarini ko’rsatish to’g’risida
PDF yuklab olishUshbu hujjat haqida
Ofertani qabul qilish (akseptasiya) tartibi
Buyurtmachi ushbu Ofertani quyidagi tartibda qabul qilgan deb hisoblanadi:
Buyurtmachi Ijrochi tomonidan tasdiqlangan Qo’shma kelishuv (ariza-shartnoma) shaklini to’ldirib, imzolaydi;
Buyurtmachi Qo’shma kelishuvga muvofiq birinchi to’lovni amalga oshiradi.
Yuqoridagi ikki harakat birgalikda amalga oshirilgan paytdan boshlab, Buyurtmachi ushbu Ofertaning barcha shartlarini to’liq, qaytarib bo’lmas va so’zsiz qabul qilgan deb hisoblanadi. Shu paytdan boshlab Buyurtmachi va Ijrochi o’rtasida shartnomaviy munosabatlar o’rnatiladi.
Ofertaning amal qilish muddati
Ushbu Oferta Ijrochi tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi va yangi tahriri tasdiqlanmagunga qadar amal qiladi. Ijrochi Ofertaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish huquqini saqlab qoladi; yangi tahrir Ofertaning ushbu hujjatda ko’rsatilgan rasmiy joyga (Maktab sayti va boshqa rasmiy axborot kanallari) joylashtirilgan kundan boshlab kuchga kiradi. Mavjud Qo’shma kelishuvlar bo’yicha oldingi tahrir shartlari saqlanib qoladi.
1Oferta predmeti
1.1. Ushbu Oferta bo’yicha Ijrochi o’zining o’quv dasturlariga muvofiq ta’lim berish xizmatlarini (keyingi o’rinlarda — “Xizmatlar”) ko’rsatish, Buyurtmachi esa ko’rsatilgan xizmatlar uchun ushbu Ofertada va Qo’shma kelishuvda belgilangan miqdorda va muddatda haq to’lash majburiyatini oladi. Buyurtmachi o’quvchi tomonidan belgilangan ta’lim dasturini Ijrochining o’quv rejasi asosida o’zlashtirilishini nazorat qiladi.
1.2. Ijrochi O’zbekiston Respublikasining Davlat ta’lim standartiga (keyingi o’rinlarda — “DTS”) hamda o’zining o’quv dastur va rejalari asosida o’quvchiga Qo’shma kelishuvda ko’rsatilgan sinfda ta’lim olishini ta’minlaydi. Ta’lim Ijrochining to’rt bosqichli tizimida olib boriladi:
1-bosqich — maktabgacha tayyorlov (5–6 yosh);
2-bosqich — boshlang’ich ta’lim (1–4-sinflar);
3-bosqich — o’rta ta’lim (5–8-sinflar);
4-bosqich — yuqori ta’lim (9–11-sinflar), to’rtta yo’nalish bo’yicha: tibbiyot, moliya, IT, huquqshunoslik.
O’quvchining bo’sh vaqtlaridan samarali foydalanish maqsadida quyidagi yo’nalishlar bo’yicha qo’shimcha mashg’ulot va to’garaklar tashkil qilinadi: xorijiy tillar, aniq fanlar, sport va badiiy yo’nalishlar.
1.3. Ijrochi o’quv jarayonini quyidagi qonun hujjatlariga muvofiq ta’minlab beradi:
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi;
“Ta’lim to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni (O’RQ-637, 23.09.2020);
“Bola huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni;
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni;
“Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni;
“Nogironligi bo’lgan shaxslarning huquqlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni;
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-sentabrdagi PQ-3276-sonli qarori;
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-sonli qarori.
1.4. Ijrochi ushbu Oferta bo’yicha o’z majburiyatlarini Toshkent viloyati Parkent tumani, A. Navoiy ko’chasi 72-uy manzilida (Yoshlar bog’i orqa tomonida) amalda bajaradi. Ijrochining yuridik manzili: Toshkent viloyati, Parkent tumani, Oybek MFY, O’zbekiston ko’chasi 1-uy.
1.5. Har bir o’quv yili uchun shartnomaviy munosabatlarning aniq muddati Qo’shma kelishuvda belgilanadi.
2Asosiy tushuncha va atamalar
Oferta — ushbu Ommaviy oferta hujjati — Ijrochining ta’lim xizmatlarini ko’rsatishga doir umumiy shartlarini o’z ichiga oluvchi rasmiy taklif.
Qo’shma kelishuv — ushbu Oferta asosida Ijrochi va Buyurtmachi o’rtasida tuziladigan, har bir konkret o’quvchi uchun individual shartlarni (sinf, tarif, chegirma, sana) belgilovchi yozma hujjat (ariza-shartnoma).
Buyurtmachi — o’quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili (vasiylik va homiylik organi yoxud sud tomonidan tayinlangan boshqa shaxs).
Ijrochi — “INDIVID” nodavlat ta’lim muassasasi (xizmat ko’rsatishda “IMKON liderlar maktabi” nomidan foydalanadi).
O’quvchi — Buyurtmachining qonuniy vakili sifatida himoyasida bo’lgan, ushbu Oferta va Qo’shma kelishuv asosida Maktabda ta’lim olayotgan bola.
Maktab — Ijrochi o’z majburiyatlarini bajaradigan, 1.4-bandda ko’rsatilgan manzilda joylashgan bino va unga taalluqli hudud.
Imkon indeks — Maktabda qo’llaniladigan o’quvchi xulq-atvori va qadriyatlarga rioya qilishni kuzatuvchi tizim (yashil/sariq/qizil tamoyili asosida, tiklovchi yondashuv bilan).
Akseptasiya — Buyurtmachi tomonidan Qo’shma kelishuvni imzolash va birinchi to’lovni amalga oshirish orqali ushbu Ofertani qabul qilish harakati.
3Tomonlarning huquq va majburiyatlari
3.1. Ijrochining huquqlari
3.1.1. Buyurtmachidan o’quvchining o’quv rejasi va dasturlari, Maktab ichki tartib-qoidalariga rioya etishini ta’minlashni talab qilish.
3.1.2. Dars mashg’ulotlari jarayonida hamda o’quvchi Maktabda bo’lib turgan vaqtda o’quvchilar rioya qilishi majburiy bo’lgan ichki tartib-qoidalarni joriy qilish.
3.1.3. O’quvchiga ijtimoiy faollik, tashabbuskorlik ko’rsatishi, ustoz va murabbiylarni hurmat qilishi, Ijrochining mol-mulkini asrab-avaylashi, ijtimoiy nufuzini himoya qilishi lozimligini tushuntirish.
3.1.4. DTSga hamda Maktab qadriyatlariga asoslanib ta’lim-tarbiya berish va qo’shimcha metodik qo’llanmalar, sun’iy intellekt vositalari hamda boshqa texnika vositalaridan keng foydalangan holda rejalashtirilgan va oraliq imtihonlarini o’quv reja asosida o’tkazish.
3.1.5. O’quvchining dars mashg’ulotlarida beriladigan mavzularni o’zlashtirish darajasini Maktab baholash modeli (bilim, ko’nikma, tafakkur) hamda Imkon indeks orqali doimiy monitoring qilish.
3.1.6. Buyurtmachi tomonidan ushbu Oferta yoki Qo’shma kelishuv shartlari buzilgan taqdirda, ushbu Ofertaning 7-bo’limida belgilangan tartibda shartnomaviy munosabatlarni muddatidan oldin bekor qilish.
3.1.7. O’quvchining dars va to’garak jadvallarini, ta’til kunlarini, ovqatlanish soatlarini belgilash, shuningdek Maktab uniformasi namunasini ishlab chiqish va joriy etish.
3.1.8. Buyurtmachining yozma roziligi bilan uning xonadoniga o’quvchining dars tayyorlash sharoitlarini o’rganish maqsadida tashrif buyurish.
3.1.9. Ijrochining buyrug’i bilan tasdiqlangan oilaviy sharoitiga ko’ra ta’lim olishda imtiyoz va chegirmalar beriladigan shaxslar toifalarini belgilovchi lokal hujjatlarni ishlab chiqish va tatbiq etish.
3.1.10. O’quvchining o’quv yili davomida yuqumli kasallikka chalinganligi (kasallikdan davolanayotganligi) aniqlangan taqdirda, o’quvchining davolanib to’liq tuzalganligi to’g’risida tibbiyot muassasasining ma’lumotnomasi taqdim etilgunga qadar o’quvchini dars mashg’ulotlaridan vaqtinchalik ozod qilish.
3.1.11. Buyurtmachining yozma roziligi asosida Maktab tadbirlari tafsilotlarini OAVda va Ijrochining internet tarmog’idagi rasmiy sahifasida yoritish.
3.1.12. Ushbu Ofertaning 7-bo’limida belgilangan tiklovchi protokol asosida o’quvchining xulq-atvori bilan bog’liq masalalarni hal qilish.
3.2. Ijrochining majburiyatlari
3.2.1. O’quvchining sifatli ta’lim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish.
3.2.2. Xizmatlarni DTSga asoslangan holda sifatli va o’z vaqtida ko’rsatish.
3.2.3. Ta’lim jarayoniga yangi pedagogik va ilg’or texnologiyalarni, jumladan, sun’iy intellektga asoslangan diagnostika tizimlarini keng joriy etish va rivojlantirib borish.
3.2.4. Dars mashg’ulotlarining yuqori malaka va tajribaga ega bo’lgan mutaxassislar tomonidan o’tilishini ta’minlash.
3.2.5. O’quvchining tegishli sinf darsliklarini lozim darajada o’zlashtirishini ta’minlash.
3.2.6. Ijrochining nizomi va lokal hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.
3.2.7. Darslarni o’tkazish uchun sanitariya va gigiyena talablariga javob beradigan, yong’in xavfsizligi qoidalariga amal qilingan sinf xonalari bilan ta’minlash.
3.2.8. O’quvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko’rsatish choralarini ko’rish va Maktab hududida hamshira xizmati mavjudligini ta’minlash.
3.2.9. Tanlangan tarif rejasiga muvofiq o’quvchining tasdiqlangan taomnoma asosida balanslashtirilgan va halol ovqatlanishini tashkil etish, Buyurtmachi yozma xabardor qilgan alohida dieta talablarini (allergiya, individual ehtiyojlar) hisobga olish.
3.2.10. O’quvchining muvaffaqiyatlari va muammolari haqida har chorakda kamida bir marta Buyurtmachini xabardor qilish hamda LMS tizimi orqali kundalik o’sish dinamikasini taqdim etish.
3.2.11. Ushbu Ofertaning yangi tahriri tasdiqlangan taqdirda, Buyurtmachini kamida 30 (o’ttiz) kun oldindan yozma ravishda xabardor qilish.
3.2.12. Buyurtmachi va o’quvchining shaxsiy ma’lumotlarini “Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risida”gi qonun talablariga muvofiq maxfiy saqlash va himoya qilish.
3.3. Buyurtmachining huquqlari
3.3.1. Dars sifati, o’quvchining bahosi yoki o’qituvchining xatti-harakatlari yuzasidan Maktab ma’muriyatiga murojaat qilish va belgilangan muddatda javob olish.
3.3.2. Har chorakda Maktab hududida bo’lib, ta’lim jarayoni sifati va o’quvchi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish, taklif va e’tirozlarini bildirish.
3.3.3. Ijrochidan o’quvchining Maktabdagi ta’limi bilan bog’liq ma’lumotnomalarni so’rab olish.
3.3.4. Ijrochining ta’lim jarayonini tartibga soluvchi lokal hujjatlari (Maktab nizomi, Qadriyatlar reglamenti, ichki tartib qoidalari) bilan tanishib chiqish.
3.3.5. LMS tizimi orqali o’quvchining dars jadvali, har bir fan bo’yicha kontent, baholash reglamenti, kunlik ovqatlanish menyusi, o’sish dinamikasi va vazifalari haqida ma’lumot olish.
3.3.6. Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan analitik hisobotlar orqali o’quvchining akademik rivojini kuzatish.
3.3.7. O’quvchining ta’limiga oid har qanday masala bo’yicha o’qituvchi yoki sinf rahbari bilan oldindan kelishilgan vaqtda uchrashish va muloqot qilish.
3.3.8. Ijrochi tomonidan kiritilgan Oferta yangi tahririga rozi bo’lmagan taqdirda, shartnomaviy munosabatlarni ushbu Ofertaning 7-bo’limida belgilangan tartibda bekor qilish.
3.4. Buyurtmachining majburiyatlari
3.4.1. Ko’rsatilgan xizmatlar uchun ushbu Oferta va Qo’shma kelishuvda belgilangan muddatda va miqdorda haq to’lash.
3.4.2. O’quvchining belgilangan dars jadvali bo’yicha Maktab hududida bo’lishini ta’minlash; agar darslar tugallanmasdan olib ketilishi kerak bo’lsa, oldindan direktor nomiga ariza bilan murojaat qilish.
3.4.3. Ushbu Oferta shartlariga rioya etish hamda Ijrochining ta’lim jarayonini tartibga soluvchi lokal hujjatlariga o’quvchi tomonidan amal qilinishini ta’minlash.
3.4.4. O’quvchiga uy vazifalarini tayyorlashi uchun munosib shart-sharoit yaratib berish va uy vazifalarini o’z vaqtida tayyorlab borishini ta’minlash.
3.4.5. Ijrochining xo’jalik yuritish va xizmatlar ko’rsatish bilan bog’liq faoliyatiga aralashmaslik.
3.4.6. Ta’lim jarayoniga oid masalalarni avval Maktab ma’muriyati orqali ko’tarish; o’qituvchi bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilish hollarida muloqotni tarbiyaviy va konstruktiv ohangda olib borish.
3.4.7. O’quvchini Maktab ichki tartib qoidalari bilan tanishtirish, Maktabning mehnat jamoasiga hurmat va odob bilan muomalada bo’lishi kerakligini tushuntirish hamda ularga tahdid va tajovuz qilmaslik.
3.4.8. Ijrochining faoliyatiga, uning xodimlari, o’qituvchilar va boshqa ota-onalarning shaxsiyatiga, oilaviy sharoiti va muammolariga aralashmaslik.
3.4.9. O’quvchining aybi bilan Ijrochining mol-mulkiga yetkazilgan zararni amaldagi qonunchilik doirasida qoplash.
3.4.10. Doimiy yashash manzili, bankdagi hisobvaraq raqami yoki boshqa rekvizitlari, elektron manzili hamda telefon raqami o’zgargan taqdirda bu haqda darhol Ijrochiga yozma ravishda xabar berish.
3.4.11. O’quvchi Maktabga kim tomonidan olib kelinishi va olib ketilishi to’g’risida Ijrochini xabardor qilish. Bola o’zi kelib-ketadigan bo’lsa, ma’muriyatdan yozma ruxsat olish.
3.4.12. Ijrochining lokal hujjatlarida belgilab qo’yilgan vaqtda o’quvchining Maktabga o’z vaqtida olib kelinishi (soat 8:30 dan kech qolmagan holda) va olib ketilishini (soat 17:00 ga qadar) ta’minlash.
3.4.13. O’quvchining dars mashg’ulotlari jarayonida shaxsiy mobil aloqa vositasidan o’quv maqsadlariga zid foydalanmasligini ta’minlash. Maktab tomonidan dars davomida mobil aloqa vositalarini saqlashga vaqtincha topshirish tartibi joriy etilishi mumkin — bunday holda mobil aloqa vositasi dars yakunida o’quvchiga qaytariladi.
3.4.14. Buyurtmachi quyidagilar to’g’risida Ijrochiga yozma ravishda ma’lumot berishi shart:
o’quvchining sog’lig’i to’g’risida to’liq va ishonchli ma’lumot (umumiy holat, kasallikka ta’sirchanligi, dorilarga allergiyasi yoki reaktsiyasi);
o’quvchining maxsus ta’lim ehtiyojlari bo’lsa — bu haqda ma’lumot;
o’quvchining Maktabda o’zlashtirishi past bo’lgan fanlari yoki ta’lim olish jarayonidagi muammolari to’g’risida.
3.5. O’quvchining huquqlari
3.5.1. Ijrochiga ta’lim jarayoni yuzasidan savollar bilan murojaat qilish.
3.5.2. Ijrochi tomonidan tashkil qilinadigan ijtimoiy, madaniy hamda sog’lomlashtirish tadbirlarida ishtirok etish.
3.5.3. Belgilangan ta’lim dasturiga muvofiq sifatli ta’lim olish.
3.5.4. O’z fikrini erkin ifoda etish va o’quv jarayoniga oid muammolar bo’yicha o’z fikrlarini bildirish.
3.5.5. O’quv jarayoniga oid axborotlarni, shu jumladan, o’quv dasturi va baholash mezonlari haqida ma’lumotlarni olish.
3.5.6. Zo’ravonlik, psixologik va jismoniy tazyiqlardan himoyalangan bo’lish.
3.5.7. O’quv jarayonida qo’shimcha resurslar va yordam olish, shu jumladan, qo’llab-quvvatlovchi ustozlar (support teachers) xizmatidan foydalanish.
3.5.8. “Bola huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi qonun va BMTning Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiyasi bilan kafolatlangan boshqa huquqlardan foydalanish.
4Hisob-kitoblar va moliyaviy shartlar
4.1. Tarif rejalari
Ushbu Oferta doirasida quyidagi tarif rejalari amal qiladi. Buyurtmachi qabul jarayonida Qo’shma kelishuv asosida tarif rejasini tanlaydi.
Tayyorlov guruhi (5–6 yosh):
| Tarif | Oylik | Yillik (umumiy) | Yillik (oldindan, –10%) | Tarkibi |
|---|---|---|---|---|
| Bazaviy | 1 750 000 so’m | 17 500 000 so’m | 15 750 000 so’m | Tushlikkacha darslar, nonushta |
| Standart ⭐ Tavsiya etiladi | 2 167 000 so’m | 21 670 000 so’m | 19 500 000 so’m | To’liq kun, 3 mahal ovqat, sport va badiiy to’garaklar |
| Premium | 2 700 000 so’m | 27 000 000 so’m | 24 300 000 so’m | Standart + shanba kuni qo’shimcha mashg’ulot + individual mentor |
Boshlang’ich (1–4-sinflar):
| Tarif | Oylik | Yillik (umumiy) | Yillik (oldindan, –10%) | Tarkibi |
|---|---|---|---|---|
| Bazaviy | 2 100 000 so’m | 21 000 000 so’m | 18 900 000 so’m | Tushlikkacha darslar, nonushta |
| Standart ⭐ Tavsiya etiladi | 2 597 000 so’m | 25 970 000 so’m | 23 370 000 so’m | To’liq kun, 3 mahal ovqat, to’garaklar, individual reja |
| Premium | 3 200 000 so’m | 32 000 000 so’m | 28 800 000 so’m | Standart + shanba qo’shimcha mashg’ulot + individual mentor |
O’rta (5–8-sinflar):
| Tarif | Oylik | Yillik (umumiy) | Yillik (oldindan, –10%) | Tarkibi |
|---|---|---|---|---|
| Bazaviy | 2 100 000 so’m | 21 000 000 so’m | 18 900 000 so’m | Tushlikkacha darslar, nonushta |
| Standart ⭐ Tavsiya etiladi | 2 597 000 so’m | 25 970 000 so’m | 23 370 000 so’m | To’liq kun, 3 mahal ovqat, to’garaklar, individual reja |
| Premium | 3 200 000 so’m | 32 000 000 so’m | 28 800 000 so’m | Standart + shanba qo’shimcha mashg’ulot + individual mentor |
Yuqori (9–11-sinflar):
| Tarif | Oylik | Yillik (umumiy) | Yillik (oldindan, –10%) | Tarkibi |
|---|---|---|---|---|
| Bazaviy | 1 750 000 so’m | 17 500 000 so’m | 15 750 000 so’m | Yo’nalish bo’yicha tushlikkacha darslar, nonushta |
| Standart ⭐ Tavsiya etiladi | 2 167 000 so’m | 21 670 000 so’m | 19 500 000 so’m | To’liq kun, 3 mahal ovqat, universitetga tayyorlov |
| Premium | 2 700 000 so’m | 27 000 000 so’m | 24 300 000 so’m | Standart + shanba qo’shimcha + xalqaro imtihonlarga tayyorlov |
4.2. Joyni band qilish to’lovi (bron)
O’quvchining joyini kafolatlash maqsadida Buyurtmachi joyni band qilish to’lovini (keyingi o’rinlarda — bron to’lovi) amalga oshiradi. Bron to’lovi qo’shimcha xarajat emas — u to’liq o’quvchining o’qish to’loviga o’tkaziladi va birinchi to’lovning bir qismi sifatida hisobga olinadi.
4.2.1. Bron to’lovi miqdori tanlangan tarifning bir oylik to’loviga teng. Aniq miqdor Qo’shma kelishuvda ko’rsatiladi.
4.2.2. Bron to’lovi amalga oshirilgan paytdan boshlab o’quvchining joyi band qilingan hisoblanadi va Ijrochi ushbu joyni boshqa shaxsga taklif qilmaydi.
4.2.3. Bron to’lovi to’liq ravishda o’quvchining birinchi to’loviga (oylik yoki yillik) o’tkaziladi. Qo’shimcha summa undirilmaydi.
Bron to’lovini qaytarish tartibi (Buyurtmachi shartnomaviy munosabatlardan voz kechgan taqdirda):
| Bekor qilish vaqti | Qaytariladigan qism |
|---|---|
| O’quv yili boshlanishidan 30 kun va undan ko’p oldin | to’liq qaytariladi (100%) |
| O’quv yili boshlanishidan 7–30 kun oldin | yarmi qaytariladi (50%) |
| O’quv yili boshlanishidan 7 kundan kam qolganda yoki xabarsiz | qaytarilmaydi |
4.2.4. Bron to’lovining qaytarilmaydigan qismi Ijrochining haqiqiy zararini (band qilingan joy boshqa o’quvchiga taklif qilinmagani) qoplash uchun mo’ljallangan. Qaytariladigan qism Buyurtmachining yozma arizasiga asosan 5 (besh) ish kuni ichida bank plastik kartasiga o’tkaziladi.
4.2.5. O’quvchi o’qishni boshlagandan so’ng bron to’lovi to’liq o’qish to’loviga o’tkazilgan hisoblanadi va alohida qaytarilmaydi (to’lovlarni qaytarish 4.5-bo’limga muvofiq amalga oshiriladi).
4.3. To’lov tartibi
4.3.1. To’lov yillik (oldindan, chegirma bilan) yoki oylik tarzda amalga oshirilishi mumkin.
4.3.2. Bir o’quv yili uchun to’lov oldindan to’liq to’langan taqdirda, umumiy summaning 10% miqdorida chegirma qo’llaniladi. Ushbu chegirma joriy o’quv yilining 15-sentabriga qadar amal qiladi.
4.3.3. Buyurtmachi Qo’shma kelishuv imzolangan kundan boshlab 3 (uch) ish kuni davomida bron to’lovini amalga oshiradi. Bron to’lovi — ushbu Ofertani qabul qilishning (akseptasiyaning) ajralmas qismidir.
4.3.4. Qolgan to’lov (oylik yoki yillik tanlangan tartibga muvofiq) o’quv yili boshlanishidan oldin yoki birinchi oy davomida amalga oshiriladi.
4.3.5. Keyingi oylik to’lovlar har oyning 5-sanasiga qadar oldindan to’lanadi.
4.4. To’lov usullari
4.5.1. To’lov naqd, plastik karta, bank o’tkazmasi yoki rasmiy bo’lib to’lash xizmatlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
4.5.2. To’lovlar bo’lib to’lash servislari orqali amalga oshirilganda, servis uchun ustamani to’lov servis operatori mustaqil belgilaydi; Ijrochi belgilangan tarif narxida qat’iy turadi va qo’shimcha chegirmalar taqdim etmaydi.
4.5. Kechikkan to’lov uchun javobgarlik
4.5.1. To’lov muddatlari o’z vaqtida bajarilmasa, Buyurtmachiga qo’shimcha ravishda 5 (besh) ish kuni beriladi. Ushbu muddatda ham to’lov amalga oshirilmasa, o’quvchi vaqtinchalik darslarga kiritilmasligi mumkin.
4.5.2. Kechiktirilgan to’lov uchun har bir kechiktirilgan kun uchun kechikkan summaning 0,1% (yuzdan bir foiz) miqdorida neustoyka (jarima) hisoblanadi. Umumiy jarima miqdori asosiy qarz summasining 10% dan oshmaydi.
4.5.3. Shartnomaviy munosabatlar tomonlarning kelishuviga ko’ra muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, Buyurtmachi tomonidan oldindan amalga oshirilgan to’lov quyidagicha qaytariladi: to’lov summasi shartnomaviy munosabatlar bekor qilingan oyning ish kunlariga bo’linadi va bekor qilingan kungacha bo’lgan ish kunlariga ko’paytiriladi. Qolgan ortiqcha to’lov 5 (besh) ish kuni ichida Buyurtmachining arizasiga asosan bank plastik kartasiga o’tkaziladi.
4.5.4. O’quvchining aybi bilan, ya’ni o’quvchining xulq-atvori sababli ushbu Ofertaning 7-bo’limida belgilangan tartibda chetlashtirish amalga oshirilsa, joriy oy uchun to’langan mablag’ qaytarilmaydi.
4.5.5. Ko’rsatilayotgan xizmatlar to’lov miqdori o’zgargan taqdirda, Ijrochi Buyurtmachini 30 (o’ttiz) kun oldindan yozma ravishda ogohlantiradi. Buyurtmachi yangi tarifga rozi bo’lmagan taqdirda, shartnomaviy munosabatlarni bekor qilish huquqiga ega.
4.5.6. Tomonlar ushbu Oferta bo’yicha to’lov majburiyatlarini ta’minlash maqsadida uchinchi shaxslarni jalb etishga haqli. Ijrochi to’lovchi oldida hech qanday moliyaviy majburiyatga ega bo’lmaydi.
4.6. Ta’til va dam olish kunlari
4.6.1. O’quv yili har yili 2-sentyabrdan boshlanib, 28-iyun kuni tugaydi (10 oy).
4.6.2. Shanba va yakshanba kunlari dam olish kunlari hisoblanadi. Shanba kunlari Maktabda darsdan tashqari faoliyat o’tkaziladi (futbol ligasi, voleybol, tennis va boshqalar). Oyning oxirgi shanbasida Festival va yarmarka tashkil qilinadi.
4.6.3. O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan quyidagi bayram kunlari dam olish kunlari deb hisoblanadi:
Yangi yil — 1-yanvar;
Xalqaro xotin-qizlar kuni — 8-mart;
Navro’z bayrami — 21-mart;
Xotira va qadrlash kuni — 9-may;
Mustaqillik kuni — 1-sentabr;
O’qituvchi va murabbiylar kuni — 1-oktabr;
Konstitutsiya kuni — 8-dekabr;
Ramazon hayiti — hijriy taqvimga ko’ra o’zgaruvchan;
Qurbon hayiti — hijriy taqvimga ko’ra o’zgaruvchan.
4.6.4. Ta’til kunlari:
qishki ta’til: 25-dekabrdan 10-yanvargacha;
bahorgi ta’til: 20-martdan 30-martgacha;
yozgi ta’til: 28-iyundan 31-avgustgacha.
4.6.5. Ta’til davrida tashkil etiladigan ixtiyoriy ta’lim dasturlari uchun alohida to’lov belgilanadi va Ijrochi tomonidan oldindan e’lon qilinadi. Ushbu dasturlarda qatnashish majburiy emas.
5Chegirmalar va imtiyozlar
Chegirmalardan foydalanish uchun Buyurtmachi ariza va asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etadi. Chegirma faqat tasdiqlangandan keyin Qo’shma kelishuvda rasmiylashtiriladi.
5.1. Chegirma turlari
Ko’p farzandli oilalar:
bir oiladan 2 nafar farzandi Maktabda ta’lim olsa, 2-farzand oylik to’lovi summasidan 10% chegirma;
bir oiladan 3 nafar va undan ortiq farzandi Maktabda ta’lim olsa, umumiy oylik to’lov summasidan 10% chegirma.
Kasb imtiyozlari:
o’qituvchi va tibbiyot xodimlari farzandlariga oylik to’lov summasining 5% chegirma.
Maktab xodimlari farzandlari:
“Imkon Liderlar Maktabi”ning o’z xodimlari farzandlariga 30–40% chegirma.
Akademik imtiyozlar:
har bir sinfdan bir nafar eng yuqori natija ko’rsatgan o’quvchiga to’lov summasining 30% gacha imtiyoz berilishi mumkin.
Yillik oldindan to’lov:
10% chegirma (4.2.2-bandda ko’rsatilgan).
5.2. Buyurtmachi yuqoridagi chegirmalardan faqat bittasini o’z xohishiga asosan tanlash huquqiga ega.
6Baholash va o’quv jarayoni
6.1. Maktab o’quvchini uch o’lchovli baholash modeliga muvofiq baholaydi: bilim, ko’nikma va tafakkur. Baholash natijalari LMS orqali Buyurtmachiga doimiy ravishda taqdim etiladi.
6.2. Sinflar kesimi bo’yicha bosqichli imtihonlar DTS asosida olib boriladi. O’quvchining bilimini nazorat qilish maqsadida oraliq imtihonlar ham o’tkaziladi.
6.3. O’quvchining xulq-atvori va Maktab qadriyatlariga rioya qilishi Imkon indeks tizimi orqali kuzatib boriladi. Tizim jazo emas, tiklash maqsadida ishlaydi: har bir xato — o’sish nuqtasi sifatida qaraladi.
6.4. O’quvchi belgilangan modullar doirasida o’tkaziladigan imtihonlarda kerakli ballarni to’play olmagan taqdirda, chetlashtirish emas, balki qo’shimcha qo’llab-quvvatlash rejasi (support teacher, individual mashg’ulot, ota-ona bilan birga ish rejasi) ishlab chiqiladi.
6.5. O’quvchi betob bo’lganda, davolanayotganda yoki boshqa uzrli sabablarga ko’ra dars qoldirgan kunlari soni uzluksiz bir oy va undan ortiq bo’lsa, tegishli ma’lumotnoma yoki asoslovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, ushbu Oferta bo’yicha belgilangan to’lovning 50% miqdori chegirib tashlanadi. O’quvchi Maktabga 1 oydan kam muddat kelmagan bo’lsa, qayta hisob-kitob qilinmaydi.
6.6. Dars mashg’ulotlarini o’zlashtirishda kutilayotgan natijalar uchun Buyurtmachi va Ijrochi birgalikda mas’uldir.
6.7. Fors-major holatlarda belgilangan o’quv dasturlaridan chetga chiqmagan holda, o’quvchilarni ta’lim olishlarini ta’minlash maqsadida masofaviy ta’lim amalga oshiriladi.
7Shartnomaviy munosabatlarni bekor qilish va tiklovchi protokol
7.1. Bekor qilish asoslari
7.1.1. Tomonlarning o’zaro kelishuviga muvofiq.
7.1.2. Buyurtmachining shartnomaviy munosabatlarni bekor qilish sabablari ko’rsatilgan, kamida 10 ish kuni oldin taqdim qilgan yozma arizasiga muvofiq (SMS yoki telefon orqali bekor qilinmaydi).
7.1.3. O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarda tomonlardan birining tashabbusiga ko’ra.
7.2. O’quvchining xulq-atvori bilan bog’liq tiklovchi protokol
Maktab qadriyatlarining buzilishi yoki ichki tartib-qoidalarning bir o’quv choragida takroriy buzilishi aniqlangan taqdirda, quyidagi 3 bosqichli tiklovchi protokol qo’llaniladi:
| Bosqich | Mazmuni |
|---|---|
| 1-bosqich | ustoz va sinf rahbari bilan suhbat, o’quvchi bilan birga sababini aniqlash va xatoni tuzatish rejasi tuzish |
| 2-bosqich | Maktab psixologi kuzatuvi va individual qo’llab-quvvatlash; Buyurtmachi xabardor qilinadi |
| 3-bosqich | Buyurtmachi bilan birga uchrashuv, qo’shma ish rejasini tuzish va belgilangan muddatda natija kuzatish |
7.3. Tiklovchi protokolning uchchala bosqichi natija bermagan taqdirda hamda o’quvchining Maktabda qolishi boshqa o’quvchilarga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatsa yoki Ijrochi xodimlarining qonun bilan kafolatlangan huquqlarini poymol qilsa, Ijrochining tashabbusi bilan shartnomaviy munosabatlar bekor qilinishi mumkin. Ijrochi shartnomaviy munosabatlarni bekor qilish niyatida kamida 10 ish kuni oldin Buyurtmachini yozma ravishda ogohlantiradi.
7.4. Buyurtmachi ushbu Oferta bo’yicha xizmatlar uchun bir o’quv yilida ketma-ket 2 oy to’lovni belgilangan muddatda amalga oshirmagan bo’lsa, Ijrochining tashabbusi bilan shartnomaviy munosabatlar bekor qilinishi mumkin. Bunda Buyurtmachi 10 ish kuni oldin yozma ravishda ogohlantiriladi.
7.5. Shartnomaviy munosabatlar bekor qilingan taqdirda tartib
7.5.1. Tomonlar bekor qilish sabablarini yozma ravishda rasmiylashtiradilar.
7.5.2. Ijrochi bekor qilingan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida Buyurtmachiga to’langan to’lovlarning qaytarilishi kerak bo’lgan qismini qaytaradi.
7.5.3. Qaytariladigan summa bekor qilingan kungacha bo’lgan davr uchun to’langan mablag’lar asosida hisoblab chiqiladi (4.5.3-bandga muvofiq).
7.5.4. Bekor qilinganidan keyin o’quvchining maktabdagi hujjatlari (tabel, baholar va boshqa zarur hujjatlar) Buyurtmachiga topshiriladi.
7.5.5. Buyurtmachi tomonidan Maktabdan olingan barcha narsa va mulk (kitoblar, o’quv materiallari va boshqalar) qaytariladi.
8Maxsus ehtiyojli o’quvchilar va inklyuziv ta’lim
8.1. Maktab “Nogironligi bo’lgan shaxslarning huquqlari to’g’risida”gi qonun va “Ta’lim to’g’risida”gi qonunning inklyuziv ta’lim qoidalariga muvofiq, maxsus ta’lim ehtiyojlariga ega bo’lgan o’quvchilarni qabul qilish imkoniyatini ko’rib chiqadi.
8.2. Buyurtmachi bola maxsus ta’lim ehtiyojlariga ega ekanligi to’g’risida ariza topshirishda yozma ravishda ma’lumot beradi. Maktab tibbiyot, psixologik va metodik xulosalarga muvofiq individual reja taklif qiladi.
8.3. Ushbu individual reja Qo’shma kelishuvga alohida ilova sifatida rasmiylashtiriladi.
9Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash
9.1. Buyurtmachi ushbu Ofertani qabul qilish orqali “Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, Ijrochi tomonidan quyidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig’ish va qayta ishlashga rozilik beradi:
Buyurtmachi va o’quvchining shaxsiy ma’lumotlari (F.I.Sh., tug’ilgan sana, manzil, telefon, e-pochta);
o’quvchining sog’lig’i va ta’limga oid ma’lumotlari;
moliyaviy hisob-kitob uchun zarur ma’lumotlar.
9.2. Ushbu ma’lumotlar faqat ta’lim xizmatini ko’rsatish maqsadida ishlatiladi va Ijrochi tomonidan uchinchi shaxslarga oshkor qilinmaydi (qonun talab qilgan hollardan tashqari).
9.3. Buyurtmachi o’z ma’lumotlarini ko’rish, to’g’rilash yoki o’chirish huquqiga ega.
9.4. Maktab tadbirlarida o’quvchining tasvirini (foto/video) OAV yoki rasmiy sahifalarda yoritish uchun Buyurtmachidan alohida yozma rozilik olinadi.
10Tomonlarning javobgarligi
10.1. Tomonlar ushbu Oferta shartlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, ushbu Oferta va O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan doirada javobgar bo’ladilar.
10.2. Hech bir tomon fors-major holatlari (tabiiy ofatlar, hukumat qarorlari, epidemiyalar va boshqalar) sababli majburiyatlarini bajara olmagani uchun javobgarlikka tortilmaydi.
11Nizo va kelishmovchiliklarni hal qilish
11.1. Ushbu Ofertani bajarish chog’ida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar o’rtasida o’zaro muzokaralar yo’li bilan hal etiladi.
11.2. Nizolarni muzokaralar yo’li bilan hal etishning imkoni bo’lmagan taqdirda, Tomonlar fuqarolik ishlari bo’yicha Parkent tumani sudiga murojaat qiladilar.
12Yakunlovchi qoidalar
12.1. Ushbu Oferta Ijrochi tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi va yangi tahriri tasdiqlanmagunga qadar amal qiladi.
12.2. Ijrochi Ofertaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish huquqini saqlab qoladi. Yangi tahrir Ofertaning rasmiy joyga (Maktab sayti) joylashtirilgan kundan boshlab kuchga kiradi.
12.3. Mavjud Qo’shma kelishuvlar bo’yicha oldingi Oferta tahriri shartlari amal qilishni davom ettiradi. Buyurtmachi yangi tahrirga rozi bo’lmagan taqdirda, shartnomaviy munosabatlarni bekor qilish huquqiga ega.
12.4. Ushbu Oferta va unga muvofiq tuzilgan Qo’shma kelishuv hamda barcha ilovalar yagona shartnomaviy hujjat hisoblanadi.
12.5. Ushbu Oferta Maktabning quyidagi lokal hujjatlari bilan birga qo’llaniladi: Maktab Nizomi, Qadriyatlar reglamenti, Tashkiliy reglament, Ichki tartib qoidalari.
13Ijrochining rekvizitlari
| To’liq nomi | “INDIVID” nodavlat ta’lim muassasasi |
|---|---|
| Xizmat ko’rsatishda foydalaniladigan nom | “IMKON liderlar maktabi” |
| Yuridik manzil | Toshkent viloyati, Parkent tumani, Oybek MFY, O’zbekiston ko’chasi 1-uy |
| Amaliy faoliyat manzili | Toshkent viloyati, Parkent tumani, A. Navoiy ko’chasi 72-uy |
| STIR | 306 844 639 |
| Hisob raqami | 20208000105142371001 |
| Xizmat ko’rsatuvchi bank | «Mikrokreditbank» ATB Bosh filiali |
| Telefon | +998 55 588 28 88 |
| E-pochta | info@imkonschool.uz |
| Rasmiy sayt | imkonschool.uz |
Direktor:
Rasulov Nuritdin Nabitdin o’g’li ____________________
M.O’.
Imkon liderlar maktabi — imkoniyatlar va qadriyatlar maktabi
